OILA MUSTAHKAMLIGI QONUN BILAN KAFOLATLANGAN!
« Назад 15.05.2024 00:00 Oila – avlodlar davomiyligi, qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni, qolaversa, xalqimiz ma’naviy merosining avloddan avlodga oʻtishini ta’minlovchi omildir. Shu tufayli oilani qoʻllab-quvvatlash masalasi davlatmizning doimiy diqqat e’tiborida boʻlib kelmoqda. Oila qancha mustahkam boʻlsa, jamiyat ham shunchalik mustahkam boʻladi va rivojlanadi. Shuning uchun ham Birlashgan Millatlar Tashkilotninig Bosh Assambleyasi 1994 yildan e’tiboran har yili 15 may kunini Xalqaro oila kuni sifatida nishonlashga qaror qilgani bejiz emas. “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 16-moddasida shunday deyilgan: Balogʻatga yetgan erkaklar va ayollar irqi, millati va diniga qarab biror bir cheklovlarsiz nikohdan oʻtish va oila qurish huquqiga egadirlar. Ular nikohdan oʻtayotganlarida ham, nikohda boʻlgan vaqtda ham va nikoh bekor qilinayotganda ham bir xil huquqlardan foydalanadilar. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabr kungi 820 sonli qaroriga koʻra Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari huzurida Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarini- tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi ma’qullangan, Quyidagilar markazlarni tashkil etishning asosiy maqsadi deb belgilangan: - zamonaviy oilaning namunali shaklini hamda «Oila — muqaddas», «Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat», «Oila — jamiyat va davlat himoyasida» va «Farovon oila — jamiyat ravnaqining asosi» kontseptual gʻoyalarini nikohlanuvchilarning ongiga singdirib borish; - nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari boʻyicha tizimli tayyorlash; - oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish, nikohlanuvchi shaxslarda oilaviy qadriyatlarni hurmat qilish, oilalarda sogʻlom ma’naviy-axloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona boʻlish koʻnikmalarini shakllantirish. Markazlarda fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlariga nikohni qayd etish uchun ariza bergan va oʻquv mashgʻulotlarida qatnashish uchun roziligi olingan oʻttiz yoshdan oshmagan nikohlanuvchi shaxslar, oʻquv yuklamasi hajmi oʻn olti soatdan kam boʻlmagan dastur asosida bepul oʻqitiladi deb belgilangan. Oilani mustahkamlash maqsadida mehnat qonunchiligida ham ayollarga bir qator imtiyoz va kafolatlar berilgan. Jumladan, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Homilador ayolni yoki uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda ma’lum qilishi shart. Mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin, Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat koʻrsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ishlaridagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan holi boʻlgan ishga oʻtkaziladi. Homilador ayolga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan holi boʻlgan ish berish masalasi hal etilgunga qadar, u ana shu sababdan ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim. Ikki yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin boʻlmagan taqdirda, bolasi ikki yoshga toʻlgunga qadar avvalgi ishidagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan holi boʻlgan ishga oʻtkaziladi. Homilador ayollarni va oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin ayollar oʻz xohishlariga koʻra, bolani parvarishlash ta’tili davrida toʻliq boʻlmagan ish vaqti rejimida yoki ish beruvchi bilan kelishib, uyda ishlashlari mumkin. Bunda ularning nafaqa olish huquqlari saqlanib qoladi. Mehnat qonunchiligi mazkur imtiyoz va kafolatlar ayollar oilasiga koʻproq vaqt ajratishi uchun, bola tarbiyasiga e’tiborini kuchaytirish uchun va shu orqali oilani mustahkamlash maqsad qilib olingan. Shuningdek davlatimiz tomonidan oiladagi muhitni sogʻlomlashtirish, oiladagi tayziq va zoʻrovonlikni yoʻq qilish borasida chora tadbirlar koʻrilmoqda. Jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari boʻyicha komissiya tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Darhaqiqat, xalqimiz azal-azaldan oilani muqaddas, muborak dargoh sifatida e’zozlagan, bu qo‘rg‘onga zavol yetmasligi uchun bor mahoratini ishga solgan. Zero, oilani boshqarish, uni saqlab qolish va farzandlarni xalqqa, vatanga munosib avlod qilib yetishtirish barchamizning mas’uliyatli vazifamiz hamda milliy qadiryatimizdir. J.MATNIYAZOV, |