SHU KO'HNA ZAMINDA TUG'ILISH,

YASHASH-BAXT!

+998 62 377 46 54

220900 Хива шаҳри

Марказ-1.  4-уй.

“XIVA TONGI” нашриёт уйи

Главная  /  Шунингдек  /  AHOLINI ROʻYXATGA OLISHNING MOHIYATI

AHOLINI ROʻYXATGA OLISHNING MOHIYATI

« Назад

11.01.2024 09:59

1111

     Tasavvur qiling, qoʻlimizda Oʻzbekiston xaritasi va unga qarab hududlarga doir birlamchi maʼlumotlarni koʻrish mumkin. Masalan, Qoraqalpogʻistonda qancha aholi yashaydi, Xorazmda bandlik masalasi qay ahvolda, Surxondaryoda nechta taʼlim muassasasi bor, Fargʻona vodiysida aholi zichligi qanday va shunga oʻxshash boshqa muhim maʼlumotlar. Biroq bunday yuzaki va taxminiy koʻrsatkichlar bilan bugungi jadal rivojlanish va islohotlar davrida uzoqni koʻzlab nimanidir reja qilish qiyin, albatta.

Aksincha, qoʻlimizda har bir hududga doir aniq faktlar boʻlsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta boʻladi. Aynan shuning uchun bizga butun respublikani qamrab oladigan ishonchli maʼlumotlar kerak va ular doimiy yangilanib borilishi kerak. Bunday aniq va yaxlit maʼlumotlar esa aholini roʻyxatga olish asosida olinadi. Shunga qarab oʻtmish va bugun haqida fikr-mulohaza yuritish hamda kelajakdagi amalga oshiradigan rejalarimizni aniqlab olishimiz mumkin. Shuningdek, bu aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, maʼlumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida maʼlumot olishning yagona manbai xisoblanadi.

Oʻzbekistonda mustaqillikdan keyin aholini roʻyxatga olish tadbiri oʻtkazilmagan

Maʼlumki, BMTning 2015-yil 10-iyundagi “2020-yilda aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasi qabul qilingan va unga asosan, BMTga aʼzo davlatlar kamida 10 yilda bir marta aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olishni oʻtkazishi belgilab qoʻyilgan. Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida hali biror marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmagan. Bunday sanoq soʻnggi bor sobiq ittifoq davrida, aniqrogʻi, 1989-yilda oʻtkazilgan edi. Holbuki, xalqaro tajribadan maʼlumki, koʻpgina mamlakatlarda aholini roʻyxatga olish tadbiri kamida har oʻn yilda bir marotaba tashkillashtirilishi anʼanaga aylangan. Respublikamizda ham endi ana shunday muhim jarayon oʻtkazilishi kutilmoqda.Ushbu tadbirni yuqori saviyada va sifatli oʻtkazish uchun tayorgarlik jarayonlari davom ettirilyapti. 

Mazkur tadbir bizga nima beradi?

Aholi sonini roʻyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʻlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir. U aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning asosiy manbai boʻlib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz koʻrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.

Oʻz navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda muhim axborot manbayi boʻlib xizmat qiladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash boʻyicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol oʻynaydi.

Roʻyxatga olish qanday amalga oshiriladi?

Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich, tayyorgarlik bosqichi boʻlib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich boʻlib, bunda bevosita aholini roʻyxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yigʻiladi, nazorat tekshiruvi oʻtkaziladi va aholini roʻyxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. Soʻnggi bosqichda olingan maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar eʼlon qilinadi.

Roʻyxatga olish jarayonida toʻplanadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Yaʼni bundan bu yogʻiga qogʻozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga eʼtibor qaratiladi.

Roʻyxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki maʼlumotlarning toʻgʻriligiga bevosita ayni ular masʼul boʻladi va shakllantirilgan maʼlumotlar real boʻlishi shart. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar har xil yoshda va kasbda boʻlishi, birinchi navbatda, Davlat statistika qoʻmitasi va uning viloyat, shahar va tuman boʻlimlari xodimlari, statistika yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar boʻlishi mumkin.

Yoshi va kasbidan qatʼiy nazar, aholini roʻyxatga oluchilar uchun qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etiladi va zarurat tugʻilsa, ularga qoʻshimcha maslahatlar beriladi. Aholini roʻyxatga olish tadbirlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar amaldagi hujjatlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilanadi. Jarayonni davlat byudjeti mablagʻlari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga moliyalashtirish koʻzda tutilgan.

Amaldagi meʼyoriy hujjatlarga binoan, yakuniy maʼlumotlarni uch tilda eʼlon qilinishi koʻzda tutilgan. Chora-tadbirlar dasturida aholini roʻyxatga olish natijalarini rasmiy chop etish, tarqatish, axborot bilan taʼminlash va eʼlon qilish, aholini roʻyxatga olishning dastlabki va yakuniy maʼlumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash muddatlari koʻrsatilgan. Yaʼni maʼlumotlar bilan tanishishning oxirgi chegara muddati belgilangan. Biroq agarda tezkor faoliyat yuritilsa, ushbu muddatdan oldin ham eʼlon qilish imkoniyati mavjud.

Oʻzbekistonning mukammal kadastr xaritasi yaratiladi

Aholini roʻyxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish koʻzda tutilgan. Bu - hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning roʻyxatini tuzish bilan bogʻliq masala.Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini oʻtab boʻlgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarni qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

Reja aniq, vazifa masʼuliyatli

Keyingi uch yil davomida masʼul mutasaddilarni qaynoq ish jarayoni kutib turibdi. Ularni muvaffaqiyatli bajarish bilan Oʻzbekistonning har bir viloyati, shahari, tumanidan tortib mahallasi, koʻchasi, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador boʻlgan barcha maʼlumotlarni oʻzida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega boʻlamiz. Bu qimmatli maʼlumotlar esa bizga bugun, ertaga va yaqin kelajakda juda asqotadi.

Zotan, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan koʻp yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli oʻzgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq boʻlsagina, yuqori samara beradi. Demak, mazkur jarayon bilan shu choqqacha eʼtibordan chetda qolib kelgan sohaga chinakam poydevor qoʻyiladi, deyish har jihatdan toʻgʻri boʻladi.

Xiva shahar statistika boʻlimi.